Bevafoga
1992
She'r
Erka kiyik
Senga bag‘ir ochmasman hargiz,
Yo ko‘z yoshim ravo ko‘rmasman.
Ravo ko‘rmam hatto yomon so‘z,
Dardlarimni senga bermasman.
Kunduzimni ularman tongga,
Toqatimdan toshlar yorilsin.
Quvonchlarim aylansin mungga,
Shirinimga zahar qorilsin —
Men yasharman mag‘rur, muqarrar,
Vujudimning tirikdir ori.
Birovlarning qasiri emas,
O‘z qalbimning o‘zim sardori.
Bog‘dan-boqqa ko‘chguvchi bulbul
Nolasiga tashna emasman.
Mayli dilda so‘nib qolsin gul —
Menikidir, senga bermasman.
Senga bag‘ir ochmasman hargiz,
Yo ko‘z yoshim ravo ko‘rmasman.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish