Tanho qoldirma

1992 She'r Erka kiyik

Yuragimning navolarin shox baytida isming bor, Xotirimning eng to‘rini band aylagan jisming bor. Istagimni yetti ko‘kka yetaklovchi izming bor — Men oy bo‘ldim, osmon bo‘lsang meni tanho qoldirma, Oq bag‘rimga pag‘a-pag‘a bulutlarni soldirma. Men kuy bo‘lsam avj pardada jaranglatgan torim bo‘l, Baxting bo‘lay, nondek aziz nomusim bo‘l, orim bo‘l. Bir kungina ko‘rinmasam izlarimga zorim bo‘l— Men oy bo‘ldim, osmon bo‘lsang meni tanho qoldirma, Oq bag‘rimga pag‘a-pag‘a bulutlarni soldirma. Uzun tunlar yoningdagi shamchiroqman bilsang sen, Zilolman men, sahrolarda gar bemahal so‘lsang sen. Yozilmagan dostonman men, agar shoir bo‘lsang sen — Men oy bo‘ldim, osmon bo‘lsang meni tanho qoldirma, Oq bag‘rimga pag‘a-pag‘a bulutlarni soldirma. Kuta-kuta seni goho dunyo menga tor bo‘lsin, Qora sochim sog‘inchlardan yo‘llar qarab qor bo‘lsin. Meni yoshlik tark etsa ham muhabbating bor bo‘lsin — Men oy bo‘ldim, osmon bo‘lsang meni tanho qoldirma, Oq bag‘rimga pag‘a-pag‘a bulutlarni soldirma.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.