Fayzulla Xo‘jayev
2007
She'r
Saylanma
Qadim Buxoroga laylaklar keldi,
O‘zingiz qaydasiz, Fayzullo bobo?
Rivoyatlar keldi, ertaklar keldi,
O‘zingiz qaydasiz, Fayzullo bobo?..
Biz-ku ertakni ham surgaymiz ko‘zga,
Mushtoqmiz xabarga, mushtoqmiz so‘zga,
Hammadan ham ko‘proq mushtoqmiz sizga
O‘zingiz qaydasiz, Fayzullo bobo?
Boboyurt bog‘lari sizdan xotira,
Chaqnar chiroqlari sizdan xotira,
Ko‘zyosh buloqlari sizdan xotira,
O‘zingiz qaydasiz, Fayzullo bobo?
Qo‘ymadik joyiga e’zozingizni,
Aytmay ketdingiz-ku dil rozingizni,
Tinglab yurarmizu ovozingizni,
O‘zingiz qaydasiz, Fayzullo bobo?
Yig‘lar Samarqandga sirdosh Buxoro,
Minorida uxlar quyosh Buxoro,
Ibn Sinolari talosh Buxoro,
O‘zingiz qaydasiz, Fayzullo bobo?
Tuproqning insonga tortiqlari ko‘p,
Tortig‘idan jonga og‘riqlari ko‘p,
Gullagan vohaning notiqlari ko‘p,
O‘zingiz qaydasiz, Fayzullo bobo?..
Qadim Buxoroga laylaklar keldi,
O‘zingiz qaydasiz, Fayzullo bobo?
Rivoyatlar keldi, ertaklar keldi,
O‘zingiz qaydasiz, Fayzullo bobo?!
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish