Yaxshi bola

2007 She'r Saylanma

Bog‘chasiga kech qolmasa — yaxshi bola, Maktabda «ikki» olmasa — yaxshi bola. Institutda kursda qolmasa — yaxshi bola, Hech kimga gap qaytarmasa — yaxshi bola... Bilib tursa ham bilmasa — yaxshi bola, Ko‘rib tursa xam ko‘rmasa — yaxshi bola, Xodimga ish buyurmasa — yaxshi bola. Boshliqni tanqid qilmasa — yaxshi bola. O‘z baxtini o‘ylamasa — yaxshi bola, Qiz bor uyga bo‘ylamasa — yaxshi bola. Kuymasa-achchig‘lamasa — yaxshi bola, Sevganda qon yig‘lamasa — yaxshi bola. Tuhmatchiga tik boqmasa — yaxshi bola, Yolg‘on tinglab tutaqmasa — yaxshi bola. Qog‘ozbozga indamasa — yaxshi bola, Poraxo‘rni qiynamasa — yaxshi bola. Yaxshi deysiz yana qanday o‘rtoqlarni? Yaxshi deysiz — gohida siz qo‘rqoqlarni! Men ko‘ryapman maysadagi titroqlarni, Ular bosib kelaversa o‘tloqlarni.. Yaxshi bola. Yaxshi bola. Yaxshi bola. Men esa bir yomon qaysar baxshi bola. Bundaylarni ko‘rgani hech ko‘zim yo‘qdir, Bundaylarga aytadigan so‘zim yo‘qdir. Faqat senga bir so‘zim bor, dono xalqim, Faqat senga bir tilak, ey, Ona xalqim. O‘g‘il ko‘rsang u «shumbolangdek» sho‘x bo‘lsin, Ko‘zlarida chaqnab turgan bir cho‘g‘ bo‘lsin!
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.