Ota

2019 She'r Quyoshga qarab oqqan suv

Ota, g‘o‘zangizni suv bosib ketdi, Chumchuq vayron qildi jo‘xoringizni. Mening kitoblarim bir jambilbargcha Yozolmadi lekin xumoringizni... Televizorlardan jilmaymoq nima, Men she’rlar o‘qidim, ko‘ngliz to‘lmadi. Oqshom oq daladan bir bog‘lam somon Keltirgan bolacha nafim bo‘lmadi. Qirq yillik oskolka qiynadi bir kun, Siz yotib qoldingiz, bo‘ldi keragim. Uchib borolmadim samolyot bo‘lib Ota, deb osmonga tegib kuragim. Keyin siz ketdingiz. Bu yorug‘ dunyo - To‘polon daryoni menga qoldirib. So‘nggi o‘tinchingiz ayladim bajo Ko‘zlarimni to‘sgan sochimni oldirib!.. Mehrimni boshimga uraymi endi, She’rimni boshimga uraymi. Mening sog‘ichimni yutib og‘rinmay, Yorilmay yashagan yurak-yurakmi?.. Ota yuzlarimni suv bosib ketdi, Koʻzyosh payxon qildi koʻnglim gulzorin. Mening kitoblarim, Mening sheʼrlarim Qadring bilmagan yillarim zori...
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.