Uni taniysiz
1992
She'r
Siz uni taniysiz, tanimay ko‘ring,
To‘xtatadi o‘zi yoqadan ushlab,
She’rlar o‘qib tashlar uzundan-uzun,
Men shoirman deydi ko‘ksiga mushtlab...
Tanimay ko‘ring-chi.
Kursida o‘ltirar choyxonada ham,
Latifalar aytib hiringlar,
Oshni buzibsan-u, akasi, mayli,
Men shoirman, deydi, qoshiq beringlar...
Siqilib ketadi har yil bahorda,
Sayrga boradi Shohimardonga.
Sigaret hidini taratib badbo‘y,
Hamzaning ko‘ziga bosib bemalol,
Men shoirman deydi, keldim, ko‘rib qo‘y!..
Mening qonim buncha qaynoq bo‘lmasa?
Izzatni bilmadim alp davralarda.
Xafa qilib qo‘ydim shunday “shoir”ni
Bir kuni ruhimni siylab serzarda.
Tamom! Endi she’rim chiqmaydi, ona,
Ko‘z-ko‘z qilolmaysan yelib-ugurib.
Suyunchi so‘rmaysan cho‘loq otamdan
Yupqa jild kitobim ko‘zingga surib.
Ammo – osmon buncha chiroyli bu tun!
Qarayman, qarayman, ko‘zim to‘ymaydi.
Jimir-jimir qilgan yulduzning bari –
Hammasi singlimga o‘xshaydi!
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish