Urush yillarining jonon qizlari
1992
She'r
Erka kiyik
Qahramon yigitlar urushga ketdi,
CHo‘g‘ bo‘lib yondirib qoldi izlari.
Olovlar ichida bo‘yingiz yetdi,
Urush yillarining jonon qizlari.
Muhabbat, muhabbat, ilohiy ma'vo,
Sizga yor vaslini ko‘rmadi ravo.
Xatlarga termulib umringiz o‘tdi,
Urush yillarining jonon qizlari.
Qadoqqo‘l yurtimning Zulayholari,
Dilbarlari, Dildor, Dilrabolari.
Yig‘idan qizargan shahlo ko‘zlari-
Urush yillarining jonon qizlari.
Qorlar kechib yurib ko‘saklar tergan,
Sepini to‘p qilib frontga bergan.
Yigit ko‘rgan hamma baloni ko‘rgan,
Urush yillarining jonon qizlari...
Zamin ming aylansa, aylansa Zamon,
Yaxshini yaxshi degan, yomonni yomon.
Muhammad Yusuf eng tansiq so‘zlari-Urush yillarining jonon qizlari.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish