Do‘st fig‘oni

1992 She'r Erka kiyik

Qani bag‘rim to‘lib yurgan pallalarim, Mag‘rur qalbim ko‘zdin yoshin halqob etdi, Qushday uchdi quchog‘imdan bolalarim, Uchalasi uch tomonga tarqab ketdi. Bevafo yor peshonamning bo‘ldi sho‘ri, Rashk azobi xanjar misol ko‘ksim tilar. Gulday ikki qizim qani ko‘zim nuri, O‘g‘lim qayda tentir endi, xudo bilar... Kunda o‘zim bosib yurgan yo‘lagimga Yo‘klab borsam yo‘l ham mendan tonib ketdi, Bevafo yor ermak qilgan yuragimni Kulga ko‘msam kul gurillab yonib ketdi. Suv yonardi suvda bolam yonib shu kun, Ko‘zlarimga mo‘ltirab zor najot so‘rdi. Yosuman yor kuldi ko‘rib bormay yaqin, Yosuman yor menga shunday azob berdi!.. Qani bag‘rim to‘lib yurgan pallalarim, O, bo‘sh ko‘nglim, ko‘zdan yoshim halqob etdi. Qushday uchdi quchog‘imdan bolalarim. Uchalasi uch tomonga tarqab ketdi. Neki bo‘lsa bo‘ldi yurak gunoh menda, Yana kuymoq qismat ekan — kuygan edim. Bolam-yorda, yorim-yotda, gunoh-menda, Bilib turib yosumanni suygan edim... Menday g‘aribni ham ko‘rolmaslar bor. Nurab borarmanu o‘zim shunday ham, Tugab borarmanu o‘zim shunday ham, Ko‘ksimga tosh otmay yurolmaslar bor... Tovushim chiqmas bir kapalakcha ham, Sadosiz kuzatgim kelar dunyoni. Ko‘tarolmas hatto temir tokcha ham, Ular qanotimga ortgan riyoni. Do‘stlar degim kelar, Bo‘lmang xavotir, Uzoq yashamayman shunday o‘zim ham. Umrim bir bog‘ kezib o‘tgay navodir, So‘nar u bir ochib-yumguncha ko‘zim. Qo‘yishmas. Qo‘limdan tortadi biri, Biri oyog‘imdan, Biri sochimdan. Biri qo‘ynim, biri ko‘nglimga kirib, Hayotdan bezdirar qirq yoshimda. O‘tmas pichoq bilan meni so‘yishib, Tomosha aylarlar turib sal nari. Xudoni qo‘lidan non yeb to‘yishib, Shaytonning xizmatin qilishar bari!.. Men g‘aribni ham ko‘rolmaslar bor.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.