Ko‘ngil shodligiga yo‘qdir nihoya
2007
She'r
Saylanma
Ko‘ngil shodligiga yo‘qdir nihoya,
Jonimni allalar tug‘ilgan yerim.
Salom, ota makon va bedapoya —
Olifta qizlarga yoqmagan she’rim!..
Sen o‘sha-o‘shasan, dilkashu mo‘min,
Dunyoni o‘ylaysan shudgorni kecha.
Yuzingdan suv oqib tinmaydi bir kun,
Ko‘zingdan arimas tashvish bir kecha.
Men esa yashadim olisda bebosh,
Tilla sirg‘alarning jarangi aro.
O‘sdi, o‘saverdi yurak — xarsangtosh,
Bolangga o‘xshamay turibman, qara.
Kelaman bittalab terib loy yo‘ldan
Oltin yoshligimning suratlarini...
O‘rdaklar uchadi og‘rinib ko‘ldan,
Oftobga tutgali ho‘l patlarini.
Ko‘ngil shodligiga yo‘qdir nihoya,
Endi qadring bildim tug‘ilgan yerim.
Salom, yaydoq dala va g‘o‘zapoya —
Olifta qizlarga yoqmagan she’rim!..
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish