Ruh to‘tisi
1992
She'r
Erka kiyik
Bosh bir kun tosh yostiqqa yetar,
Ruh to‘tisi tanni tark etar,
Deydilar yosh tanlamas ajal,
Xudo bilar kim oldin ketar...
Oftob yelib tolsa ko‘k uzra,
Unga osmon sandig‘i hujra,
Haqdan hukm, bandadan ijro
Xudo bilar kim oldin ketar?!
Pok dilingni kemirdi hasad,
Qadamingdan topding aziyat,
Do‘stim qilma menga vasiyat,
Xudo bilar kim oldin ketar.
Aso tutmish qancha qaddi dol,
Men bir kuchga to‘lgan navnihol.
Otam meni ko‘mar ehtimol...
Xudo bilar kim oldin ketar.
Ko‘zim ko‘kda, sizda xayolim,
Jujuqlarim — mening kamolim!
G‘animatmiz juftu halolim,
Xudo bilar, kim oldin ketar...
Qaylardasan o‘zing, qanisan o‘zing,
Sen kimning bir parcha jonisan o‘zing?
Bobolaring kimdir, momolaring kim,
Sen qachon o‘zingni taniysan o‘zing?..
Osmon to‘la yulduz armonlaringmi,
Sening bor bisoting dostonlaringmi.
Alpomish atalmish botiring qani,
Ulug‘beging qani, Boburing qani.
Qani buyuk Ahmad Yassaviylaring,
Rumiylardan qolgan masnaviylaring.
Ular kechirgaymi gunohlaringni,
Unutmagil ulug‘ Sinolaringni...
Kulib kun chiqodur, yig‘lab kun botar;
Navoiy Hirotda beega yotar,
Yuzlarini yoritar tunda oy balqib,
Mashrab Balx dorida turibdi qalqib...
Kim edingu endi kim bo‘lding bu dam,
Seni taniyolmay ajdoding mulzam.
Sen na yig‘lamaysan, sen na kulmaysan,
Farzandlaring qabri qayda bilmaysan.
Qaylardasan o‘zing, qanisan elim,
Sen qachon o‘zingni taniysan, elim?
Cho‘g‘ ostida qolgan kuldayginasan,
Oting boru o‘zing yo‘g‘dayginasan!
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish