Bibi

2007 She'r Saylanma

Marg‘ilon havosi elitdi andak, Ma’yus ko‘chalarda yurdim dovdirab. Hozir Kumush chiqib qoladigandek Har eshikka boqdim ko‘zim jovdirab. Chiqsa, Bibi derdim, She’rga yor bo‘ldim, U bir yuho yanglig‘ domiga tortar. Shuhrat yo‘liqqanda do‘stga zor bo‘ldim, Qalbimni yolg‘izlik azobi o‘rtar. Asli-ku, shaharga yo‘lim chap edi, Netay, poytaxtdaman, nasibam ekan. Sening-ku, dushmaning bir Zaynab edi, Mening kundoshim ko‘p, yovlarim ulkan!.. Bulardan qo‘rqqulik. Bular dog‘uli, Zaynab nima? Zaynab bir rashk bandasi. Bular dushmanlarning eng nomard xili, Bular kundoshlarning eng sharmandasi. Qon to‘la ko‘zida yaltirar hasad, Bular na shoir, na omadsiz odam. Ular oyoq qo‘ygan har zina jasad, Shular gumdon qilgan Qodiriyni ham... Marg‘ilon havosi elitdi andak, Ma’yus ko‘chalarda yurdim dovdirab. Hozir Kumush chiqib qoladigandek, Har eshikka boqdim ko‘zim jovdirab. Chiqsa, Bibi derdim, Men yozmay qo‘ydim, O‘rningga boray, sen Marg‘ilonga qayt. Tug‘ildim. Yashadim. Zerikdim. To‘ydim. Zaharidan bersin, kundoshingga ayt!..
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.