Onajon

2019 She'r Quyoshga qarab oqqan suv

Topmoq – yo‘qotmoqdir, Yo‘qotmoq – topmoq, Sen so‘lib, Men yashab,  To‘lishimga boq. Sensiz topganimdan Ko‘proq yo‘qotdim – Sen meni yupatding, Seni yig‘latdim, Sen meni yaratding, Seni tugatdim. Uyalmay ONA deb, Kelishimga boq!.. Sog‘inch haqda she’rlar Yozdim o‘zimcha, Mendan peshonangda Dog‘lar tizimcha. O‘g‘il bo‘lmay o‘lay, Attang, ming attang. Qiz tug‘sang netardi, Ko‘proq qiz tug‘sang!.. Tirgak bo‘lolmadim  Bitta qizingcha Uyalmay shoirman  Deyishimga boq. Joningdan aylanay, Turgil jonajon, Yo‘l qarab bo‘ldimi Jigarginang qon? Boqma, ko‘zlarimga Bemajol, xasta, Mening topganlarim Gulmi bir dasta, Yo‘qotganim senmi Endi ONAJON?.. O‘z etimni o‘zim Yeyishimga boq. Bilsang, yuragimni Bir alam elar. Buyursang, qo‘limdan Kelmaydi nelar, Ayt, Pichan yig‘aymi,  O‘tin yoraymi, Yerni haydayinmi, Ko‘k ag‘daraymi?.. Itdek oyog‘ingga Suykalgim kelar – Uchib-uchib, mana Qo‘nishimga boq. Hech narsa kerakmas, Bolam, hech deysan. Endi kech deysan-da, Endi kech deysan. Yuzimni bosaman Muzday yuzingga, ONAJON, Zor qilib ketma izingga! O‘lim oldida ham  G‘amimni yeysan, Men-chi, jim, taqdirga Ko‘nishimga boq. She’rim bitdi, Xayr, Do‘stlar xush qoling. Bedil yashamakka O‘rganmang menday Boring, Volidangiz  Ko‘nglini oling, Ertaga Kech qolib O‘rtanmang menday.
Audio yozuvlar

Onajon

Telegram