Xirmondagi bola
2019
She'r
Quyoshga qarab oqqan suv
Bunday qaramagin, chaqaloq.
Men halol odamman har holda.
Chayqalardi har yil kuzda mening ham
Belanchagim shu bukri tolda.
Yorilgan qo‘llarga termulib yurib,
Shu yalpiz dalada men ham bo‘y yetdim.
Keyin she’r yo‘qladi tushimga kirib,
Keyin o‘zim yo‘qlab Toshkentga ketdim.
Na Oybek bor edi, Na G‘afur G‘ulom.
Mirtemir yo‘q edi, Usmon Nosir ham...
Navoiy satriga termulib yurib,
Tuydim jamolini bu ko‘hna elim,
Keyin sen izlading tushimga kirib,
Keyin o‘zim izlab yoningga keldim...
Bunday qaramagin. Bunday qaramagin.
Sen xuddi o‘zimsan, xirmondagi bola
Mening mayli shodon, mening mayli g‘amgin
Eng go‘zal so‘zimsan, xirmondagi bola!
Men keldim shul shaffof so‘zimni topib.
Men bildim, yurakdan Vatanni sevmoq
— Belanchak osilgan tollarni o‘pib,
Chaqaloq ko‘ziga halol termulmoq...
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish