Savol
2019
She'r
Quyoshga qarab oqqan suv
Hamma gaping to‘g‘ri, Aflotun,
Yerni chopish kerak, bo'yash kerak romni.
Tokni ko‘mish kerak kechikmay, lekin
Nima qilsak ekan atomni?..
Kitob yozish kerak. To‘y qilish kerak.
Suvash kerak kelin tushadigan tomni.
Muolaja istab sanchib qo‘yar yurak,
Nima qilsak ekan atomni?
Dehqon bolalari - o‘ynar xirmonda,
Simga bog'lab olib bir teshik jomni.
Uchuvchi kuladi ko‘rib osmonda,
Nima qilsak ekan atomni?..
Kulol ming asrlik gumbazni tiklar,
Jarroh tiriltirar o‘lgan odamni.
O‘rtoq matematiklar, O‘rtoq fiziklar,
Nima qilsak ekan atomni?
Hatto, eng sevimli ayol quchog'ida,
Unutolmayman men gunoh - xatomni.
Bir savol - xol bo‘lib yonar uning dudog‘ida:
Nima qilsak ekan atomni?..
Beshiklarni quchib aylanadi Yer,
Oqar yuzlaridan marjon-marjon ter.
Nima qilsak ekan atomni,
Nima qilsak ekan atomni?..
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish