Qizlar qo'shig'i
2020
she'r
Alyorim qolur
QIZLAR QO‘SHIG‘I
Qiz yo‘q uyda sarin sabo esmaydi,
Qiz yo‘q uyda jambil-rayhon o‘smaydi.
O‘g‘illarning ota bilan ishi yo‘q,
Qiz otasin har qadamda eslaydi.
Ko‘zlariga surgay yurgan izingiz,
Qay o‘g‘ildan kamdir, ayting, qizingiz...
Qiz yo‘q uyda tonglar erta otmaydi,
Tomda oftob, ayvonda oy yotmaydi.
O‘g‘il qanday do‘st bo‘ladi, bilmadim,
Qiz do‘st bo‘lsa — siringizni sotmaydi.
Og‘ir kunda javdiratmas ko‘zingiz,
Qay o‘g‘ildan kamdir, ayting, qizingiz...
Umr daryo, tolega kim kafildir,
Qizning borar joyi bo‘lak sohildir.
Qiz dardiga yetmaganlar g‘ofildir,
Qiz bor uyda yorug‘ bo‘lar yuzingiz,
Qay o‘g‘ildan kamdir, ayting, qizingiz...
Dunyo ko‘rki — shu ko‘zlari shahlolar,
Qizlar bilan chamanzordir sahrolar.
Bir qayrilib Qaysni Majnun aylagan,
Tohirlarni Tohir qilgan — Zuhrolar.
Qiz tufayli butdir rizq-u ro‘zingiz,
Qay o‘g‘ildan kamdir, ayting, qizingiz...
Ayting, kimning paymonasi to‘lmagan,
Qiz bor — ota yot bag‘irda o‘lmagan.
0‘g‘lim yo‘q deb o‘kinganlar — johillar,
Hatto Muhammadning o‘g‘li bo‘lmagan!..
Bilib ayting aytganda har so‘zingiz,
Qay o‘g‘ildan kanidir, ayting, qizingiz?
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish