Eski ayvon

2007 She'r Saylanma

Матн устига босиб авто нусха қилиб олишингиз мумкин. Toshko‘changga sochdim, ey yorug‘ olam, Mana, chegarasiz muhabbatimni. Tun bo‘yi o‘zimga yig‘ladi onam, Ne qilib qo‘yding deb — Muhammadimni. U yuzimdan o‘pdi, Ko‘zimga boqdi. O, bu qarashlarga chidamoq azob... Ona men jannatda olmalar qoqdim, Ona, men do‘zaxda simirdim sharob. Yolg‘iz qushdek goho ko‘kka uchdim shan, Otdilar, tegmadi kamon ham, tosh ham, Ona, oyning yuzi tirnalgan ekan, Ona, yig‘lar ekan hatto, quyosh ham... O‘ylamang, o‘g‘lingiz o‘sha-o‘sha sho‘x, Yuzim to‘la so‘qmoq o‘ttiz yoshimda. Otamning sochida bitta oqi yo‘q, O‘riklar gulladi mening boshimda. Ko‘rishmadik, xolos, bizlar ming asr, Keldim, poyingizda cho‘kdim mana tiz, Uy orzu qilsangiz — quramiz qasr, To‘y orzu qilsangiz — izim to‘la qiz. Faqat maydan sarxush bu o‘rik boshim, Tuvakdan tuproqqa tushgan guldayman!.. Manov, bulbulchasi ochiq bola kim, Ukamning o‘g‘limi? Ismin bilmayman... Toshko‘changga sochdim, ey yorug‘ olam, Mana, nihoyasiz muhabbatimni. Tun bo‘yi o‘zimga yig‘ladi onam, Ne qilib qo‘yding deb... Muhammadimni.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.