Qizil gul

2019 she'r Quyoshga qarab oqqan suv

Qizilgul, qoʻynimda uxlab yotgan gul, Qoʻllari boʻynimda, uxlab yotgan gul. Kiprigi koʻksimga tigʻdek botgan gul, Senga nima kerak yana, ey, koʻngil... Yonimda sollanar qirq tillo kokil, Toʻlgʻonar, tovlanar qirq tillo kokil. Jonimdan aylanar qirk tillo kokil, Senga nima kerak yana, ey, koʻngil... Beshikni titratib chinqirar ohim, Yuzlari oppogʻim, koʻzi munchogʻim. Bu yorugʻ dunyoda oʻchmas chirogʻim, Senga nima kerak yana, ey, koʻngil... Jonimni choʻqiydi bir qush kelib jim, Men seni bilmayman, ey qushcha, sen kim?.. Sen menga hech kimmas, men senga hech kim, Senga nima kerak yana, ey, koʻngil... Qizilgul, qoʻynimda uxlab yotgan gul, Qoʻllari boʻynimda, uxlab yotgan gul... O, mening koʻksimda yigʻlab yotgan gul, Koʻngil, senga yana ne kerak, koʻngil?..
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.