Umrimda juda ko‘p yolg‘on gapirdim…

2019 she'r Quyoshga qarab oqqan suv

Umrimda juda ko'p yolg‘on gapirdim, Va'dalar ayladim cho‘kka tushib tiz. Yo‘limga intizor bo'ldi qancha qiz, Men esa sevmasdan o'ttizga kirdim... Ortga boqishga ham qo'rqaman endi, Qayrilsam, shirin jon qiynalaverar. Tuyg‘ular tug‘ildi, tuyg'ular so‘ndi, Men kezgan bog‘lardan bir vido kelar. Yodimda qolgani bir xira yulduz, Tunlari ko‘zimga termuladi jim. Ko‘nglim chamaniga bargin to‘kar kuz, Men seni izlayman ismsiz sevgim... Ilk sevgi - eng baland shoxdagi olma, Men unga intildim, yetmadi qo‘lim. Senga baxt tilayman, mayli, kim bo‘lma, Kunlaring xayrli bo‘lsin, sevgilim.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.