Tanish terak...

2019 she'r Quyoshga qarab oqqan suv

Tanish terak. Ariq yoqasi. Bo‘tana suv, shirin loyqa suv. Tol ko‘chada otlar taqasi... Qancha bo‘ldi ko‘rmaganimga... Yalpiz hidi tutgan dalalar, Gapga chechan boqchaxolalar, Belanchakda yotgan bolalar... Qancha bo‘ldi ko‘rmaganimga. Tog‘ ortidan mo‘ralagan kun, Shiyponlardan o‘rlagan tutun, Tut shoxiga osilgan tugun... Qancha bo‘ldi ko‘rmaganimga. O‘qariqdan yolg‘izoyoq yo‘l, Menga ilhaq, menga mushtoq yo‘l, O, qadrdon bir juft qadoqqo‘l... Qancha bo‘ldi ko‘rmaganimga. Yog‘och eshik ochilar sekin... Toshmehrman men juda, lekin Hozir yig‘lavorishim mumkin — Qancha bo‘ldi ko‘rmaganimga...
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.