Shukr deysan sen qachon?

2019 she'r Quyoshga qarab oqqan suv

Ta'magirni tortqilab, Nafsi qo‘ymas deydilar. Nokas o‘zi to‘ysa ham, Ko‘zi to‘ymas deydilar. Boq bir yorug‘ olamga Kimlar zo‘rg‘a kun ko‘rar. Odamlar bor, bog‘dagi Bulbuldan ham pul so‘rar. Yolg‘on dunyo-bu dunyo, Arzon dunyo - bu dunyo. Ne-ne hokim, beklardan Qolgan dunyo- bu dunyo. Kiprikdan ham qisqadir Molu dunyo yo'llari. Ibrat bo‘lsin, Iskandar Ochiq ketgan qo'llari!.. Uzat deysan, ber deysan, Hech qo‘ymading, odamzod. Tuya to‘ydi, fil to‘ydi, Sen to‘ymading odamzod. Shukr qilar hattoki Qumursqa - parrandalar. Shukr deysan sen qachon, Xom sut emgan bandalar?.. Bu uch kunlik dunyoda Savlatingga kerilma. Qasr qurma, bog‘ qoldir, Davlatingga kerilma. O‘z elingni qaqshatsang, Xor bo‘lasan o‘zing ham. Bir kun shu el mehriga Zor bo‘lasan o‘zing ham!..
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.