Uzr

2019 she'r Quyoshga qarab oqqan suv

Biz bahorga oshiq bo‘ldik, kuzdan uzr, Xazonlarda qolib ketgan qizdan uzr, Har ne o‘tsa bizdan o‘tdi, bizda gunoh, Tug‘ilmagan qo‘shiqlarim, sizdan uzr… Sog‘inchlarga singil bo‘ldi suyukli yor, Men merovga na mehr bor, na ko‘ngil bor, Ozroq ilhom, ko‘proq sharob qildi xumor… Tug‘ilmagan qo‘shiqlarim, sizdan uzr. Tilimdan bol tomdi boqib olamga goh, Bir shirin so‘z aytolmadim bolamga goh, Yillab barmoq bosolmadim qalamga goh, Tug‘ilmagan qo‘shiqlarim, sizdan uzr. Yo‘lim qarab jayron ko‘zi tolib ketgan, Goh dalada daydi shamol olib ketgan, Goh andisha ayvonida qolib ketgan, Tug‘ilmagan qo‘shiqlarim, sizdan uzr. Dili borga dildan dardim to‘kkanim rost, So‘z boshida bosh egib tiz cho‘kkanim rost, Gohi jonni avaylagan - qo‘rqqanim rost, Tug‘ilmagan qo‘shiqlarim, sizdan uzr. O‘ksimasin zardob to‘la ko‘ngilchangiz, Daryo-daryo ko‘z yoshim bor cho‘milsangiz, Men ham mashhur bo‘larmidim, tug‘ilsangiz, Tug‘ilmagan qo‘shiqlarim, sizdan uzr. Yuragimning tagidasiz yalpizdan pas, Goh o‘ylayman - shundoq qo‘lim uzatsam bas! Yuzingiz bir ko‘rmay sira o‘lgim kelmas… Tug‘ilmagan qo‘shiqlarim, sizdan uzr.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.