Iymon qo‘shig‘i

2019 she'r Quyoshga qarab oqqan suv

Umrning har kuni bayrammas, toʻymas, Oʻchar oqshomi bor oldinda chiroq. Koʻylagingga qarab jannatga qoʻymas, Ajrim boʻlar bir kun savob-u gunoh. Choʻyan doshqozonga shayton oʻt qalar, Qutqarsa bir kuni iymon qutqarar... Noming tutgan tuzing totmay ketmasin, Uyingda har kuni yostiq yetmasin. Toʻrtta mayizingni qush ham yeb ketar, Uying chetlab odam zoti oʻtmasin. Berk saroymas - ochiq ayvon qutqarar, Mezbonni bir kuni mehmon qutqarar... Xor qilib oʻynama har kimsa boshin; Yigit gʻaribi-yu qizning yuvoshin. Koʻshkingni koʻz-koʻzlab, zaringdan soʻzlab, Mustarin koʻzidan oqizma yoshin. Kimda - ketar husn, kim xush boʻy tarar, Lolani xokisor rayhon qutqarar. Botinda boshqa-yu, zohir boʻlaksan, Avval boshqa eding, oxir boʻlaksan. Koʻngil koʻchasida, koʻngil koʻyida, Kelgan izga qaytib borar yoʻlaksan. Bunda har kim oʻzi qul - jon qutqarar, Na shon, na hakimi Luqmon qutqarar.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.