Onaizor
2019
she'r
Quyoshga qarab oqqan suv
Ko‘nglim qolsa bulbuldan ham guldan ham,
Qolar bo‘lsam bir kun ahir tildan ham...
Agar bir zot yig‘lasa chin dildan ham ---
Onam yig‘lar, onam yig‘lar onam u...
Sig‘may qolsam shunday keng bu jahona,
Osmonlarga ruhim bo‘lsa ravona,
Jonsiz tanim ustida ham parvona ---
Onam yig‘lar onam yig‘lar, onam u...
Tonar bo‘lsa qo‘limdagi tor, dunyo,
Uch kun o‘tmay unutgay do‘st-yor, dunyo.
Yeru ko‘kni titratib zor-zor, dunyo ---
Onam yig‘lar, onam yig‘lar, onam u...
Gulday kulib yurmasmidi o‘g‘lim deb,
Ko‘rib ko‘ngli to‘lmasmidi, o‘g‘lim deb
Onang o‘lsa bo‘lmasmidi o‘g‘lim, deb
Onam yig‘lar, onam yig‘lar, onam u...
Ko‘nglim qolsa bulbuldan ham guldan ham,
Qolar bo‘lsam bir kun axir tildan ham.
Agar bir zot yig‘lasa chin dildan ham ---
Onam yig‘lar onam yig‘lar, onam u...
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish