Dunyo

2020 she'r Alyorim qolur

DUNYO BU Bir qarasang, baland taxtda o‘ltirar, Boshing silab, qomingni ham to‘ydirar. Bir qarasang, o‘zi non, deb mo‘ltirar — Birda podshoh, birda irmoq dunyo bu. Bir qarasang, qirg‘og‘idan toshadi, To‘lqinlari bulutga yondoshadi. Bir qarasang, zo‘rg‘a bir tosh oshadi — Birda irmoq, birda daryo dunyo bu. Bir qarasang, qulundayin o‘ynoqi, Bo‘shatilgan bo‘ynidan bo‘yinbog‘i. Bir qarasang, tizza to‘la titrog‘i, Bir kun bola, bir kun momo dunyo bu. Bir dardim bor — tor keladi ko‘kragim, Aytsam yig‘lab, sel bo‘ladi o‘zbagim. Ayting, qachon el bo‘ladi o‘zbagim?.. Mirtemirni qilgan ado dunyo bu. Ot ham yomon ko‘rar otning zo‘rini, Turta-turta quritadi sho‘rini. To‘ra bo‘ldik — ko‘rmay joylar to‘rini, Ko‘pkariday ajab savdo dunyo bu. Ey, karamli hayot, sendan aylanay, Ko‘ksimdagi bayot, sendan aylanay. Neki bersang — bergil odam tanlamay, Bir yelpinib o‘tar sabo dunyo bu!
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.