O'zbek bolasi

2020 she'r Alyorim qolur

Ko‘k dalalar, ko‘m-ko‘k dalalar, Ozod diyorim dalasi. Bir tomon qaynar buloq, Bir yonda oyning shu’lasi. Bunda bulbul chah-chahlar, Bunda qumri nolasi. Handalak hidi bilan Ulg‘aydi o‘zbek bolasi. О hayot, gulgun hayot, Hamisha bor bo‘lgin, hayot. Baxtimga ko‘z tegmasin, Menga yor bo‘lgin, hayot. Tarqalibmas, to‘planib, Jamlanib har jolasi, Bir tan-u bir jon bo‘lib, Ko‘paydi o‘zbek bolasi. Parcha yer, parcha bulut, Parcha osmonga shukur. Menga taqdir tuhfasi — Nurli makonga shukur. Tushmagay, to‘kilmagay Sochlaring bir tolasi. Yurt uchun Hech narsadan Qaytmaydi o‘zbek bolasi. Biz ahil, olam ahil, Gul-u giyohlar ahil. Tog‘dagi toshlar ahil, Bog‘da yaproqlar ahil. Xush erur shotutlari, Suv bo‘yida soyasi. Tut beshiklar bag‘rida Ulg‘aydi o‘zbek bolasi. Dala to‘la belanchak, Oftob uning doyasi. Ko‘k dalada rizq terib, Xalq bo‘ldi o‘zbek bolasi.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.