Tilak

2020 she'r Alyorim qolur

Farishtalar fayzi yog‘ar yuzlaringdan, Arimasin quvonch endi, O‘zbekmomo. Yursang oftob ergashadi izlaringdan, Oftob bo‘lib nur soch endi, O‘zbekmomo. Keldi qaytib yot yurtlardan karvonlaring, Qo‘ng‘irog‘i ko‘ksingdagi armonlaring. O‘zingniki o‘zing yopgan shirmonlaring — Senga tegmas qirmoch endi, O‘zbekmomo. Saroblarga sajda qildik yetmish yil biz, Yo‘q Vatanni Vatan bildik yetmish yil biz. Chin Vatanning poylariga cho‘kaylik tiz, Sen yo‘l boshla, yo‘l och endi, O‘zbekmomo. Ey sen hikmat diyori, ey sirli bag‘ir, Ne dahoga yo‘l ko‘rsatding o‘zing, axir. Temurga ham alLa aytgan o‘zing, axir, Qaytar qalbga ishonch endi, O‘zbekmomo. Ozod yurtda, obod yurtda bor kelajak, Hur o‘lkaga mudom yo‘ldosh, yor kelajak. Hali ne-ne Alpomishlar tug‘ilajak, Baxting boshga gultoj endi, O‘zbekmomo. To‘kilmasin sochingdagi bitta tolang, Omon bo‘l sen, omon bo‘lsin dasht-u dalang. Cho‘pon bolang, dehqon bolang, sulton bolang — Kel, duoga qo‘l och endi, O‘zbekmomo!..
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.