O'zi asrasin
2020
she'r
Alyorim qolur
Hotam dunyo himmatlari bor,
Hikmati bor har bir tuhfasin.
Yuz yilda bir tug‘ilar sardor,
Parvardigor o‘zi asrasin.
Beshikda tinch uxlar go‘dak jon,
Kulgusiga sadaqa bu jon.
Millat uchun kim bo‘lsa qalqon,
Parvardigor o‘zi asrasin.
Yomon ko‘zdan saqlasin zinhor,
Kamolingni ko‘rolmaslar bor.
Kimki karvon boshidagi nor —
Parvardigor o‘zi asrasin.
Dunyoga boq, xayol yetmagan
Burchagi yo‘q olov ketmagan.
Osmoni tinch, osuda Vatan
Parvardigor o‘zi asrasin.
Boshin silab yosh-u kattasin,
Chinordayin shox-u navdasin,
Asraguvchi Temurzodasin
Parvardigor o‘zi asrasin.
Kengashganga dunyo keng, axir,
Biring yoqa, biring yeng, axir.
Qavmim, kel, deb kim ochsa bag‘ir —
Parvardigor o‘zi asrasin.
Ko'rdik, axir, mum yutgan, mulzam,
Bir haftalik podsholarni ham.
Sarbonini, xalqidek o‘ktam —
Parvardigor o‘zi asrasin.
Yurtim, yod et nahor-u shoming,
Tilingda shu bo‘lsin kaloming:
Kim tiklasa dini isloming —
Parvardigor o‘zi asrasin.
Joningni tut joni fidoga,
Aytganing bor ekan Xudoga.
O‘zbekiston, qo‘l och duoga —
Parvardigor o‘zi asrasin.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish