Vatanni seving

2020 she'r Alyorim qolur

Kimlardir kaftida gul ushlab yurar, Kimlardir qo‘lida palaxmon toshi. Chayqalib turganda dunyo guldirab, Yurtning poyidadir yigitning boshi. Sevsangiz, avval shu Vatanni seving, So‘ng shahlo ko‘z-u gulbadanni seving!.. Unutmang, bu ko‘hna charxi falakda, Vatandan boshqasi hammasi mayda. Ko'ngilda orzudek osmon musaffo, Tuproq tinch bo‘lmasa, muhabbat qayda!.. Sevsangiz, avval shu Vatanni seving, So‘ng shahlo ko‘z-u gulbadanni seving. Chorlasa, siz qo‘rg‘on bo‘ling, tosh bo‘ling, Suyang bir-biringiz, yelkadosh bo‘ling. Qani, kim botinib bir so‘z aytolgay, Bitta jon, bitta tan, bitta bosh bo‘ling. Sevsangiz, avval shu Vatanni seving, So‘ng shahlo ko‘z-u gulbadanni seving. Shu yurt tinch — yo‘q dilda sanchiqlaringiz, Qiqirlab yurishar qalliqlaringiz. Yor-yorlar yarashar, to‘ylar yarashar, Yarashar to‘qlikka sho‘xliklaringiz. Sevsangiz, avval shu Vatanni seving, So‘ng shahlo ko‘z-u gulbadanni seving!
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.